Yevropa Chempionati nimchorak finalidagi birinchi yirik hisob Germaniya va Slovakiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda qayd etildi.
Bellashuvning 8-daqiqasiga kelib Jerom Boateng aniq zarbasi bilan nemislarni hisobda oldinga olib chiqdi. Himoyachilar birinchi urinishda to‘pni jarima maydonchasidan uzoqlashtirgandi, Boateng esa uni to‘xtatib o‘tirmay, Matush Kozachik qo‘riqlayotgan darvozaga to‘g‘irlab qo‘ydi.
14-daqiqaga kelib Mesut O‘zil Slovakiya darvozasi tomon belgilangan penaltidan aniq foydalana olmadi. Uning zarbasini Matush Kozachik qaytarishga erishdi. Ioxim Lyov boshchilik qilayotgan jamoa katta musobaqalarda so‘nggi bor 2010-yilgi Jahon Chempionatida penaltidan foydalana olmagan. O‘shanda Lukas Podolskining zarbasi aniq bo‘lmagandi.
Mesut O‘zil Yevro—2016 start olganidan buyon penaltini noaniq bajargan beshinchi futbolchi bo‘ldi. Avvalroq Krishtianu Ronaldu, Serxio Ramos, Aleksandar Dragovich kabi futbolchilar 11 metrlik zarbadan unumli foydalana olmagan bo‘lsa, Polsha — Shveysariya o‘yini yakunida Granit Jakaning zarbasi noaniq ketgandi.
43-daqiqaga kelib nemislar ikkinchi golni kiritdi. Yulian Draksler chap qanotda faol harakat qilib, Mario Gomesni golli pas bilan ta’minladi.
63-daqiqaga kelib Drakslerning o‘zi Germaniya terma jamoasi safidagi rasmiy o‘yinida birinchi golini urdi. Shu vaqtga qadar Yulian o‘rtoqlik o‘yinlarida gol urgan bo‘lib, rasmiy bellashuvda gollari sonini ochmagandi.
Germaniya terma jamoasi Yevro—2016 ning chorak finalida Italiya — Ispaniya termalari o‘yiniga g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
[wpse_match id="368874" show_title=1]
Izoh (0)