AQShning Kaliforniya shtati markaziy qismida bir necha kundan beri davom etayotgan tabiiy yong‘in 150 dan ortiq uyni yo‘q qildi, kamida ikki kishini hayotdan olib ketdi. Bu haqda 25-iyun, shanba kuni okrug yong‘inga qarshi mudofaa xizmati vakili Kern Entoni Romero ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Uning so‘zlariga qaraganda, Leyk-Izabella shahridagi bir nechta turar-joy kvartallari deyarli to‘liq yonib ketgan. Olov tarqalayotgan hudud yaqinida joylashgan 2,5 mingga yaqin uyga yong‘in tahdid qilmoqda, ularning aholisi evakuatsiya qilingan. Romeroning ma’lum qilishicha, yong‘in bilan kurashish uchun mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi safarbar etilgan.
Olovni o‘chirishga hududdagi quruq havo va doimiy shamol xalaqit bermoqda. Associated Press agentligining ma’lum qilishicha, olov ichida qolgan uydan chiqa olmagan keksa er-xotin halok bo‘lgan.
Kaliforniyada oxirgi hafta davomida yong‘in tufayli minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilarning harakatlari tufayli bir qator hududlarda olovning tarqalishi qisman to‘xtatilgan. Yong‘in, shuningdek, Yuta va Arizonada ham qayd etilib, u yerda yuzlab odam evakuatsiya qilingan.
Izoh (0)