Correio da Manhã gazetasi muxbirining savolidan so‘ng asablarini jilovlay olmagan Krishtianu Ronaldu uning mikrofonini tortib olib, ko‘lga uloqtirib yuborgandi. Portugaliyalik professional g‘avvos mikrofonni suv ostidan qidirdi, ammo uni topa olmadi. Bu haqda, Fransiyaning Progrs nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Hodisa Portugaliya termasining Vengriyaga qarshi uchrashuvi oldidan ro‘y berdi. Nashr muxbiri terma jamoa futbolchilari sayr qilib yurganida Ronalduning oldiga kelib, “Vengriyaga qarshi o‘yinga tayyormisiz?” deb savol berdi. Ronaldu esa uning qo‘lidan mikrofonni tortib olib, ko‘lga otib yubordi.
Qayd etish joiz, Vengriya va Portugaliya o‘rtasidagi uchrashuv 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlangan va Ronalduning ushbu o‘yindagi 2 ta goli va 1 ta golli uzatmasi terma jamoasining nimchorak finalga yo‘l olishiga yordam bergandi.Ronaldu bir necha bor Correio da Manhã’ni uning shaxsiy va oilaviy hayotiga oid yolg‘on ma’lumotlar tarqatganlikda ayblagan. Shu sababli 31 yoshli futbolchi Correio da Manhã muxbirlari savollariga hech qachon javob bermaslikka qaror qilgan.
Ma’lumot uchun, Portugaliya terma jamoasi 26-iyunga o‘tar kechasi nimchorak final doirasida Xorvatiya bilan kuch sinashib, 1:0 hisobida zafar quchdi va chorak finalga yo‘l oldi.
Izoh (0)