Futbol bo‘yicha Ukraina terma jamoasi bosh murabbiyi Mixail Fomenko iste’foga chiqdi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabar berdi.
Mixail Fomenko UFF rasmiy sayti bilan intervyuda uning oldiga qo‘yilgan vazifa bajarilmaganidan keyin terma jamoada qolishi mantiqsiz ekani haqida fikr bildirdi va Yevro—2016 dagi muvaffaqiyatsizlik uchun bor aybni o‘z bo‘yniga oldi.
Yaratilgan sharoit uchun tashkilotga minnatdorchilik bildirar ekan Fomenko ukrainalik futbol muxlislaridan ularning ishonchini oqlay olmagani uchun uzr so‘radi.
Ma’lumot uchun, Ukraina terma jamoasi Yevro—2016 “C” guruhidagi har uchala o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Qo‘shimchasiga 270 daqiqa davomida raqiblari darvozasiga yo‘l topa olmadi hamda o‘z darvozasidan 5 ta gol o‘tkazib yubordi.
Izoh (0)