Germaniyaning Eurowings aviakompaniyasi samolyoti 17-iyun, juma kuni kechki payt Dyusseldorf aeroporti qo‘nish maydonida 70 nafarga yaqin yo‘lovchini qoldirib, Drezdenga parvoz qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Reysini ikki soat kutishiga to‘g‘ri kelgan yo‘lovchilar samolyotga ikki avtobusda yetkazildi. Birinchi avtobusda bo‘lganlar (70 nafarga yaqin kishi) havo kemasiga chiqib, joylashdi. Shundan so‘ng uchuvchi kechki parvozlarga qo‘yilgan taqiqni buzmaslik uchun yana shuncha yo‘lovchini pastda, ikkinchi avtobusda qoldirib, samolyotni ko‘kka ko‘tarishga shoshildi.
Reysdan qolib ketgan yo‘lovchilarning noroziligi shunchalik kuchli ediki, vaziyatni nazoratga olish uchun politsiya aralashishiga to‘g‘ri keldi. Ayrim yo‘lovchilar Drezdenga avtobuslarda yetkazildi, qolganlari Dyusseldorf mehmonxonalarida tunab, shanba kuni manziliga uchib ketdi.
Izoh (0)