Hindiston Oliy sudi poytaxt Dehli ko‘chalarini daydi itlardan zudlik bilan tozalash bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Qarorga mamlakatdagi xavotirli darajadagi quturish holatlari va it hujumlari sabab bo‘lgan. Uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan daydi itlar muammosi 11-avgust kuni tegishli qaror chiqarilishi bilan yakunlandi.
Sud mahalliy hokimiyatlarga barcha daydi itlarni, sterilizatsiya qilingan yoki qilinmaganidan qat’iy nazar, tutish, ularni sterilizatsiya va emlashdan o‘tkazish hamda yangi quriladigan boshpanalarga joylashtirishni buyurgan. Buning uchun hokimiyatlarga 8 hafta muddat berilgan. Shuningdek, jarayon ustidan kamera kuzatuvi o‘rnatilishi va hayvonlarning Dehli ko‘chalariga qaytarilmasligi shart qilib qo‘yilmoqda. Sudyalar zudlik bilan harakat qilish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Ko‘chalar daydi itlardan tozalansin. Bolalar velosipedda yurganda va o‘ynaganda o‘zini xavfsiz his qilishi kerak. Yoshi kattalar ham sayrga chiqqanda o‘zini xotirjam sezishi zarur”, dedi sudya Pardivala.
Dehli va boshqa shaharlarda daydi itlarni nazorat qilish bahsli masala sanaladi. Ayrim aholiga ko‘ra, bu hayvonlar xavfsizlikka katta tahdid soladi, boshqalar esa ularni aholining bir qismi deb biladi. Sud qaroriga qarshi poytaxt markazida o‘tkazilgan norozilik yurishida ishtirok etgan Nishima Bhagat shunday dedi:
“Biz gapira olmaydigan hayvonlar bilan birdammiz. Itlar gapira olmaydi. Ularni qafaslarga tiqib qo‘yish joiz emas. Itlarni yashab kelgan joyidan ko‘chirishga qarshimiz”.
Hindiston dunyoda quturish kasalligi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har yili taxminan 5700 kishi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra esa, 20 minggacha odam quturish oqibatida vafot etadi.
Dehlida 2012-yilgi so‘nggi ro‘yxatga olishda 60 ming daydi it borligi qayd etilgan bo‘lsa, hozir bu raqam qariyb 1 millionga yetgani taxmin qilinmoqda. It to‘dalari parklar, qurilish maydonlari va turar joylar atrofida doimiy kezib yuradi. Shu sabab, bolalar va qariyalarga hujumlar tez-tez qayd etiladi. Poytaxtda 2025-yilning yanvar–iyun oylarida 35,198 ta it tishlash va 49 ta quturish holati haqida xabar qilingan.
Bir qator hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari Dehlining bu qarorni amaliy jihatdan imkonsiz va g‘ayriinsoniy deb baholamoqda. Hindiston hayvonlarni himoya qilish federatsiyasi rahbari Bharati Ramachandran sterilizatsiya, emlash va keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga chaqirmoqda. “PETA India” vakili Mini Aravindan esa yuz minglab itlar uchun yetarli boshpana qurish va ularni ta’minlash juda qimmat va amalda bajarib bo‘lmas ish ekanini bildirgan.
Izoh (0)