Raqobat qo‘mitasi bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan yana ikki nafar vaynerga tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan axborot resurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklamalarning amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan tizimli o‘rganish va tahlil ishlari olib borilganda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yuz minglab kuzatuvchilariga ega bo‘lgan blogerlar o‘zlariga tegishli sahifalarda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilayotgani kuzatilgan.
Xususan, Melbet bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan, shuningdek, qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari orqali joylashtirilgan video-roliklar quyidagi shaxslarga tegishli ekani aniqlangan:
- fuqaro Shamsiddinov Amirxon O‘tkir o‘g‘li (amirxon_uzbek);
- fuqaro Ilyosov Doniyor Ma’ruf o‘g‘li (donik_krash).
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan blogerlar belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
23-iyulda qimor o‘yinlarini reklama qilgan 4 nafar vayner sudga berilgandi. Ular ham Melbet bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, mamlakat hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi. Bunday faoliyatni reklama qilish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. Raqobat qo‘mitasi 2024-yil va 2025-yilning to‘rt oyida 185 ta holatda totalizatorlik va bukmekerlik idoralari faoliyatiga oid reklamalarda kamchiliklarni aniqlagan.
Izoh (0)