AQSHning Montana shtatida 11-avgust kuni ikkita samolyot to‘qnashganidan keyin yonib ketdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Hodisa Kalispel siti aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida yuz bergan. Bortida uchuvchi va 3 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot to‘xtab turgan uchoqqa borib urilgan. Aviatexnikalar jiddiy shikastlanmaganiga qaramay, yong‘in chiqqan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar alangani o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Dastlabki tergovga ko‘ra, uchuvchi samolyot boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida aviahodisa yuz bergan. Ikki kishi yengil tan jarohati olib, tibbiy yordamga murojaat qilgan.
- AQSHda oxirgi marta 6-avgust kuni samolyot ishtirokidagi aviahodisa yuz bergandi. O‘shanda ikki vintli kichik tibbiy samolyot qulab tushgach, yonib ketgan. Oqibatda jami to‘rt kishi halok bo‘lgan. Samolyot Nyu Meksiko shtatining Albukerk shahridagi shifoxonadan bemorni olib ketish uchun ketayotgan edi.
- 7-aprel kuni Yaponiyada tibbiy vertolyot dengizga qulab tushgan edi, oqibatda bir bemor va yana ikki kishi halok bo‘lgan. Uchuvchi, mexanik va hamshirani qutqarishga muvaffaq bo‘lingan.
- 29-iyul kuni esa Germaniyada o‘quv harbiy vertolyoti halokatga uchragan. Keyinchalik ikki nafar Bundesver askari halok bo‘lgani, ularning jasadlari daryodan topilgani ma’lum bo‘lgan.
Izoh (0)