Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-iyun, juma kuni kechki soatlarini to‘laligicha chet ellik investorlar bilan uchrashuvlarga bag‘ishladi. Dastlab Italiya bosh vaziri Matteo Rensining Putin bilan birgalikdagi tanovuliga italiyalik investorlar taklif etildi. Tushlikda Italiyaning 30 ta eng yirik kompaniyasi vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi “RBK”.
Tushlikdan so‘ng bir qancha shartnomalar imzolandi. Jumladan, “Rosneft” Eni bilan Qora dengiz shelfida hamkorlik qilishga, NOVATEK va Rossiya pochtasi esa Italiyadan asbob-uskuna sotib olishga kelishib oldi. Peterburg iqtisodiy forumi doirasida Italiya va Rossiya o‘rtasida jami 1,3 milliard dollar qiymatdagi shartnomalar imzolandi.
Boshqa davlat investorlari bilan uchrashuvlar mahalliy vaqt bilan soat 18:30 ga belgilangan edi, ammo tadbir ikki soatga kechikdi.
“O‘zini bunchalik uzoq kuttirish odobdan emas, — dedi investorlardan biri ‘RBK’ bilan suhbatda. — Prezident bizga nima deyishidan qat’iy nazar, bu yo‘qotilgan ikki soatga arziydi, deb o‘ylamayman”.
Rossiya prezidenti bilan uchrashuvga jami 50 xalqaro kompaniya vakillari taklif etilgan edi. Bular orasida ExxonMobil rahbari Reks Tillerson, BP bosh direktori Robert Dadli, Total rahbari Patrik Puyanne, Hyperloop loyihasi rahbari Dirk Alborn va boshqalar bor edi. Putinning Rensi bilan qo‘shma matbuot anjumani yakuniga yetayotgan paytda qo‘shni auditoriyaga kirish uchun navbatga, shuningdek, Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder, prezident yordamchisi Andrey Belousov, Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi rahbari Andrey Shoxin, bosh vazir o‘rinbosari Igor Shuvalov qo‘shildi.
Putinning xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan suhbati bir yarim soat davom etdi. Suhbatdan keyingi intervyularida biznesmenlar Putin tomonidan turli yo‘nalishlardagi takliflar ilgari surilganini, shuningdek, Rossiya yetakchisi ularning loyihalarini iliqlik bilan qabul qilganini e’tirof etdi.
“Dunyo murakkab iqtisodiy vaziyatni boshdan kechirayotganini hamma biladi. U (Putin) investorlar eshitmoqchi bo‘lgan narsani aytdi: muammo va qiyinchiliklar qanday qilib yengib o‘tilishini”, — dedi Hindiston sanoati konfederatsiyasi prezidenti Nushad Forbs.
Izoh (0)