15-iyun kuni Toshkent shahridagi Next savdo-ko‘ngilochar majmuasida maxsus taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu haqda, muassasa matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Mashg‘ulotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Qizil yarim oy jamiyati ishtirokida o‘tkazildi.
Savdo-ko‘ngilochar majmuasiday yirik va gavjum obyekt birinchi marta bunday tadbir o‘tkaziladigan joy sifatida tanlandi. Next’ga kuniga 10 ming kishi tashrif buyuradi. Ko‘plar majmuaga oilaviy keladi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsad yer qimirlashi va yong‘in oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy vazifalar ijrosini mashq qilish, tashrifchilar va personalni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, qutqaruv va qayta tiklash operatsiyalarini bajarish ko‘nikmalarini oshirish edi.
Majmua ishchilari mashg‘ulotlarga jalb qilingan mutaxassislar bilan birgalikda tashrifchilarni zaxira chiqishlar hamda to‘rtinchi qavatdagi derazalardan evakuatsiya qilish, tomda kelib chiqqan yong‘inni o‘chirish, liftda qolib ketgan odamlarni chiqarib olishda qatnashish, shuningdek, voqea joyida tibbiy hamda psixologik yordam ko‘rsatishni mashq qildi.
2014-yildan beri majmuada 40 nafar xodimdan iborat fuqarolik himoyasi guruhlari ishlaydi.
Izoh (0)