Tunisning 2011-yilda ag‘darib tashlangan sobiq prezidenti Zayn al-Obidin bin Ali vataniga qaytishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda, “as-Sumariya” telekanaliga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Sobiq davlat rahbarining advokati Munir bin Solih uning qaytishi adolatli sud mexanizmlari ta’minlanishining mutlaq kafolatlari taqdim etilgan taqdirdagina amalga oshishini ta’kidladi.
“Uning ustidan Tunisda uyushtiriladigan sud adolatli bo‘lib, qasosga qaratilgan siyosiy harakatga aylanmasligi lozim”, — qo‘shimcha qildi advokat.
Bin Ali Tunisda prezidentlik lavozimini 1987-yildan buyon tanaffuslarsiz egallab kelayotgan edi. U 2011-yildagi “Yasmin inqilobi” oqibatida hokimiyatdan chetlashtirildi. Ayni paytda sobiq davlat rahbari Saudiya Arabistonidan boshpana topgan. Tunisda unga qarshi bir necha o‘n jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, namoyishchilarni o‘ldirish, korrupsiya, davlat mulkini o‘zlashtirish, giyohvand moddalar savdosi shular jumlasidandir.
Izoh (0)