14-iyun, seshanba kuni Milandagi “San-Raffaele” kasalxonasida Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoniga yurakning qon yo‘lini to‘suvchi qismini almashtirish bo‘yicha operatsiya boshlandi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
To‘rt soat davom etishi kutilayotgan ochiq yurakdagi operatsiyani italiyalik kardiojarroh Ottavio Alfyeri o‘tkazmoqda. Mijoz sun’iy qon aylanish qurilmasiga ulanishi mumkin. Sentabrda 80 yoshga to‘ladigan Berluskoniga yurakning qon yo‘lini to‘suvchi qismi ishi buzilgani tufayli “yurak faoliyatida yetishmovchilik” tashxisi qo‘yilganidan so‘ng operatsiya talab etildi. Odatda bunday operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tadi, buning oqibatidagi o‘lim holatlari 2 foizdan oshmaydi.
Berluskonining o‘zi rasmiy bayonotida tibbiyotga ishonishi va Yaratgandan umid qilishini bildirdi. Unga tarafdorlari va siyosiy raqiblari, jumladan, bosh vazir Matteo Rensi tezroq sog‘ayishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz 79 yoshli Silvio Berluskoni 6-iyun kuni shifoxonaga yotqizilgan, shifokorlar u yurak xurujiga uchraganini taxmin qilgan edi.
Izoh (0)