O‘rtayer dengizida halokatga uchragan Misrning A320 yo‘lovchi samolyoti fojiadan bir daqiqa avval havoda to‘liq burilgan. Bu haqda halokatni surishtirish bo‘yicha komissiya ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Misr qurolli kuchlari radarlarining ma’lumotlariga qaraganda, samolyot halokatdan avval yo‘nalishni chapga burgan, so‘ng havoda to‘liq aylangan. Halokatni o‘rganayotgan komissiya ushbu ma’lumot grek va britaniyalik mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga to‘liq mos kelishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Parijdan Qohiraga qarab uchayotgan EgyptAir aviakompaniyasiga qarashli samolyot 19-may tongida radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi. Uning bortida 66 kishi bo‘lgan. Keyinroq Misr ma’murlari A320 layneri qulagan yerdan aniqlangan inson qoldiqlari sud-tibbiyot ekspertizasi natijalari bortda portlash ro‘y berganidan dalolat berishini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)