Fransiyada Avitsenna nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etildi, deb yozadi “Gazeta.uz” “Jahon” axborot agentligiga tayanib. U buyuk olimning tibbiyot, falsafa va madaniyat sohasidagi ilmiy va insonparvarlik merosini ilgari surish, ta’lim va fan, madaniyat va sivilizatsiya borasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
“Ushbu mukofotga xalqaro ilmiy jamoatchilikning atoqli vakillari, tibbiyot sohasidagi xodimlar va ekspertlar, shuningdek, tibbiyot dahosining ilmiy va insonparvarlik g‘oyalarini o‘rganish va ilgari surish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar sazovor bo‘lishi mumkin”, — dedi “MED 21 dasturi” assotsiatsiyasi prezidenti professor Muhammad Nodir Aziz.
Mukofotni taqdirlash marosimi Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasida bo‘lib o‘tdi. “MED21 dasturi” va “Avitsenna-Fransiya” assotsiatsiyalari, shuningdek, Fransiya tibbiyot akademiyasi vakillaridan iborat hay’at qaroriga ko‘ra, mukofotning ilk sovrindorlari aniqlandi.
Olti sovrindor orasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va O‘zbekistondagi “Inb Sino” jamoatchilik jamg‘armasi bor.
Izoh (0)