Ruminiyaning sobiq prezidenti Trayan Besesku rafiqasi Mariya bilan birga Moldova fuqaroligini qabul qildi. Bu haqdagi farmonni Moldova prezidenti Nikolay Timofti imzoladi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Beseskular oilasi joriy yilning 8-martida Moldova fuqaroligini taqdim etishni so‘rab tegishli idoralarga murojaat qilgan edi. Qonunga binoan, bunday murojaatlar bir yil davomida ko‘rib chiqiladi, ammo, sobiq davlat rahbarining mavqeini inobatga olib, uning murojaati imtiyozli tarzda muhokamaga kiritildi.
Besesku 2004–2014-yillarda Ruminiya prezidenti bo‘lgan edi. U lavozimdan ketganidan so‘ng ikki davlatni birlashtirish loyihasi ustida jiddiy ishlashini bayon qilgandi.
“Birlashuv Ruminiyaning NATO va Yevroittifoqqa qo‘shilishdan keyingi uchinchi milliy loyihasi bo‘lishi lozim”, — deb ta’kidlagan edi u.
Moldovada Ruminiya bilan birlashish g‘oyasini aholining 21 foizi qo‘llab-quvvatlaydi. Ruminiyada bu ko‘rsatkich 68 foizga tengdir.
Izoh (0)