Apple kompaniyasi mobil dastur ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qoidalarini o‘zgartirmoqchi. Xususan, endilikda App Store do‘konida yillik obunani rasmiylashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda, The Verge nashriga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Korporatsiya prezidentining marketing bo‘yicha o‘rinbosari Fil Shiller yangi tashabbus ishlab chiqaruvchilarning komission to‘lovlarini yengillashtirishga yordam berishini aytib o‘tdi. Hozir ishlab chiqaruvchi Apple’ga dastur bahosining 30 foizini to‘laydi. Agar foydalanuvchi obunani ikkinchi yilga uzaytirsa, bu narx 15 foizga tushadi.
Obuna bo‘yicha dasturlarni sotish imkoniyatini barcha ishlab chiqaruvchilar qo‘lga kiritadi.
Yana bir yangilik dasturlarni reklama qilish imkoniyati tug‘ilishi bilan bog‘liq. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar ularning mahsuloti do‘konda millionlab boshqa takliflar orasida yo‘qolib ketayotganidan noligani bois ushbu chora joriy etilmoqda.
O‘zgarishlar 13–17-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Apple WWDC ishlab chiqaruvchilar konferensiyasidan so‘ng amalga kirishi kutilmoqda.
Izoh (0)