Futbol bo‘yicha Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatining qo‘riqlash tadbirlarida ishlaydigan 80 dan ortiq kishi turnir xavfsizligiga tahdid soluvchi fuqarolar ro‘yxatiga kirib qoldi. Bu haqda, Fransiya ichki xavfsizlik Bosh boshqarmasining hisobotiga tayanib, Lepoint ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Qayd etilishicha, hukumat xavfsizlik organlari turnirning xavfsizligini ta’minlash uchun jalb qilinishi mumkin bo‘lgan 3,5 ming qo‘riqchi va agentliklarning ma’lumotlarini tahlil qildi.
Fuqarolarning maxsus ma’lumotlar bazasidan o‘tadiganlar orasida hukumat xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki terakt amalga oshirishi mumkin bo‘lganlarning 82 nafari aniqlandi. Ushbu ma’lumotlar bazasiga ekstremistik tashkilotlarga aloqasi bo‘lganlarning familiyasi ham kiritiladi.
Avvalroq Yevro–2016 turnirida xavfsizlikni ta’minlash uchun 90 mingga yaqin politsiya xodimi, harbiy va xususiy qo‘riqchilik xizmati xodimlari jalb etilishi ma’lum bo‘lgandi.
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati 10-iyundan 10-iyulga qadar bo‘lib o‘tadi. Fransiyada 2015-yilning 13-noyabrida sodir etilgan teraktlardan so‘ng favqulodda holat joriy etilgan edi. Teraktlar oqibatida 150 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, 400 ga yaqini turli tan jarohatlarini olgan edi.
O‘shanda terrorchilarning birinchi nishoni Parij chetidagi Sen-Deni shaharchasida joylashgan Stade de France stadioni bo‘lgandi. Mazkur stadionda Yevro–2016 turnirining ochilish o‘yini bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)