1-iyun kuni Google bosh direktori Sundar Pichay Code Conference tadbirida chiqish qildi. “Yandeks” guruhi asoschilaridan biri va rahbari Arkadiy Voloj ham zalda bo‘lib, Pichayga savol berishga urindi, ammo unga navbat yetib kelmadi, deb ma’lum qilmoqda TJournal.
Taniqli texnojurnalist Uolt Mossberg Pichayni turli mavzularda so‘roqqa tutdi. Yigirma daqiqalik suhbatdan so‘ng zaldan savollar berish gali keldi.
The Verge nashrining qayd etib o‘tishicha, odatda Code Conference doirasida berilgan intervyulardan zaldagilargina bahramand bo‘lardi, ammo joriy yilda tashkilotchi — Vox Media suhbatlarning ko‘pchilik qismini internetga joylashtirishga qaror qildi.
Pichay intervyusining videoversiyasi chop etilganidan bir sutka o‘tib ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari savol beruvchilar navbatida Arkadiy Voloj ham turganini payqab qoldi.
Videoning bir necha lahzalarida (25:03, 25:35 va 28:35) Voloj mikrofon ortida turib savollarni va Pichayning javoblarini tinglaganini ko‘rish mumkin.
29-daqiqa oxirida moderator oxirgi savol berilishini e’lon qildi — bu savolni Pichayga jurnalist, Facebook’ning eski investorlaridan biri va Google aksiyadori Don Grem berdi. U Pichay Yevrokomissiya bilan bog‘liq muammoni qanday hal qilmoqchi ekanligiga qiziqib ko‘rdi.
Izoh (0)