Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘tgan “Oq terak” ko‘rgazmasida dafn xizmatlari ko‘rsatuvchi firmalardan biri iPhone 4/4s shaklidagi qabrtoshlarni namoyish etdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Ukrain bazaltidan tayyorlangan bitta sag‘ananing narxi 65 ming rubl bo‘lib, haqiqiy iPhone’ning narxiga deyarli tengdir. Birinchi buyurtma allaqachon qabul qilindi — Krasnoyarskka ilk qabr toshi yo‘llandi.
“Yodgorlik toshi har qanday shaklda bo‘lishi mumkin — xoh iPhone, xoh Samsung. G‘oyani, rostini aytganda, ‘VKontakte’ ijtimoiy tarmog‘idan oldik. Kimdir shunday fotokollaj qildi, mijozlarimizdan biriga bu yoqib qoldi, va uning buyurtmasini bajardik”, — dedi kompaniya direktori Pavel Kalyuk.
Yodgorlikda iPhone’ning barcha proporsiyalari saqlab qolingan; uning orqa tomoniga “Dizayn Kaliforniyadagi Apple’dan. Xitoyda terilgan” degan yozuv tushirilgan.
Izoh (0)