AQShning Delton shahrida (Florida shtati) istiqomat qiluvchi Maykl Blivins tasodifan to‘pponcha orqali o‘zini otib qo‘ydi. Biroq u qo‘lidagi teshikka uch kun o‘tgandan so‘ng e’tibor berdi va shifoxonaga murojaat qildi. Bu haqda Meduza xabar beradi.
37 yoshli Blivinsning so‘zlariga qaraganda, u uyida to‘pponchasini tozalayotgan va qayta o‘qlayotgan edi. Qurolni ko‘kragida tutib turgan erkak turishga uringanda kuchli og‘riqni sezib, yerga qulab tushgan.
Yiqilish chog‘ida Blivins o‘q ovozini eshitgan, keyin yuzi bilan shisha stolning burchagiga urilgan. Biroq u faqat yirtilgan qoshiga e’tibor berib, o‘qdan yaralanish oqibatida kelib chiqadigan og‘riqni his qilmagan. Uning og‘riqni his qilmaganligiga yelkasidagi eski shikastlanish uchun qabul qilayotgan og‘riqsizlantiruvchi dori vositalari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Erkak uzun yengli qora ko‘ylak kiyganligi uchun chap qo‘lidagi jarohatni payqamagan va keyingi ikki kun davomida odatiy ishlari bilan shug‘ullangan.
Faqat uch kundan keyin kiyimini almashtirayotganda Blivins qo‘lidagi o‘q teshib o‘tgan jarohatni ko‘rib qolgan va shifoxonaga murojaat qilgan.
Izoh (0)