Toshkentning “Lokomotiv” klubi Osiyo Chempionlar Ligasining 2016-yilgi mavsumi guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunlab, “Bunyodkor”ning 2013-yilgi natijasini takrorladi.
“Temiryo‘lchilar” o‘z tarixida birinchi bor OChL guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlash uchun, 2 ta o‘yinda zafar quchib, yana 4 tasida durang o‘ynadi. 2013-yilgi mavsumda Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi “Bunyodkor” ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etgan.
Qiziq tomoni shundaki, “Bunyodkor” va “Lokomotiv”ning OChL guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunlagan mavsumlaridagi to‘plar nisbati bir xil — 6:3.
2013-yilgi mavsumda “Bunyodkor” OChLning guruh bosqichini Sharqiy mintaqada o‘tkazib, Xitoyning “Beytszing Goan”, Janubiy Koreyaning “Pohang Stilerz” va Yaponiyaning “Sanfrechche Xirosima” klublariga raqib bo‘lgandi.
Mirjalol Qosimov jamoasi guruhdagi har ikki g‘alabani safarda, 2 ta jamoa ustidan qo‘lga kiritgan (Yaponiya va Xitoyda). “Lokomotiv”ning har ikki g‘alabasi esa 1 ta klub ustidan qo‘lga kiritildi. O‘zbekistonlik futbolchi Fozil Musayev harakat qiladigan Eronning “Sepahon” klubi OChL guruh bosqichida “Lokomotiv”dan ikki bor yengildi.
Izoh (0)