Yaponiya oliy sudi 37 yoshli Kadzufumi Itoga nisbatan o‘qilgan o‘lim jazosi hukmini qayta ko‘rib chiqishni rad etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ito 2010-yilda Nagano shahrida bir oila vakillari bo‘lgan uch kishini o‘ldirishda ayblangan edi. Itoning sheriklaridan biri o‘lim jazosiga, yana biri umrbod qamoqqa, uchinchisi esa 18 yil mahbuslikka hukm qilingan edi.
Jinoyatchilar guruhi 62 yoshli Fumio Kinni, uning o‘g‘li va kelinini o‘ldirib, 4,1 million iyena yoki 45 ming dollar pulni o‘g‘irlab ketgan edi. Ushbu jinoyatda asosiy rolni Ito o‘ynagan edi. Hukm 2011-yil dekabrida Nagano okrug sudida oshkor etilgan, 2014-yilda esa yuqori instansiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.
Himoya apellyatsiyaga topshirib, Itoga belgilangan jazoni yumshatishga urindi, ammo bu naf qilmadi.
Ayni paytda Yaponiyada 128 mahbus qatl ijrosini kutib yashamoqda. Odatda o‘lim jazosi sud qarori chiqqanidan bir necha yil o‘tib amalga oshiriladi. Mahbus qatl haqida bir kun oldin ogohlantiriladi. Yaponiyada oliy jazo osish orqali ijro etiladi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Yaponiyada o‘lim jazosini bekor qilishga chaqirib kelmoqda, ammo, so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, aholining 85 foizi o‘lim jazosini qo‘llab-quvvatlaydi.
Izoh (0)