“Championat.asia” nashri Oliy Ligada debyut mavsumini o‘tkazayotgan Toshkentning “Obod” jamoasi yetakchi futbolchilaridan biri, “o‘zbek Neymari” nomini olgan Shohruz Norxonov bilan suhbat uyushtirdi.
23 yoshli hujumchi O‘zbekiston Kubogi doirasida “Oq-tepa”ga qarshi (5:0) o‘yinda to‘rtta gol urib, poker qayd etgan bo‘lsa, “Bunyodkor” (2:2) va “Qizilqum” (2:2) bilan uchrashuvlarda bittadan gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
- Ko‘pchilik sizni “o‘zbek Neymari” deb atamoqda. Bunga qanday qaraysiz?
- O‘zim Neymarning o‘yinlarini kuzatib borardim. O‘yiniga havas qilaman, shu bois shunday deb chaqirishsa, xafa bo‘lmayman, aksincha, xursand bo‘laman. Lekin uning darajasiga chiqishimga ancha bor.
- O‘zbekistonda kimlarga havas qilasiz?
- Yurtimizda kuchli va tajribali futbolchilar juda ko‘p. Odil Ahmedov va Sardor Rashidovning o‘yinlariga havas qilaman.
- Bo‘sh vaqtingizda nima qilasiz?
- Hozir bor e’tiborim futbolga qaratilgan. Ertalab o‘zim yakka tartibda mashg‘ulot o‘tkazaman. Jismoniy tayyorgarlikka urg‘u beraman. Dam olaman va kechki payt klub bilan birga shug‘ullanaman. Bo‘sh vaqtim hozir juda kam.
- Futbolchilar orasida do‘stlaringiz bormi?
- “Olmaliq”da o‘ynayotgan Murod Rajabov, “Oq-tepa” vakili Ma’ruf Ahmadjonov bilan do‘stmiz. Boshqa klublarda ham do‘stlarim bor.
- Eng katta orzuingiz?
- Dunyoning eng kuchli klub safida o‘ynash.
- “Barselona”mi?
- Shunday desa ham bo‘ladi (kuladi). Lekin buning uchun juda ko‘p ishlashim kerakligini bilaman.
- Oliy Ligada o‘ynayapsiz, gollar uryapsiz, intervyular berayapsiz. Yulduzlik kasaliga chalinib qolmaysizmi?
- Yo‘q, yo‘q. Bunday bo‘lmaydi. Erishgan natijadan havolanib ketmayman va mehnat qilishda davom etaman.
Ma’lumot o‘rnida, Shohruz Norxonov Toshkent shahri, Uchtepa tumanida tug‘ilgan. Futbol sir-asrorlarini 2-BO‘SMda o‘rganishni boshlagan. 17 yoshida 2-BO‘SMda o‘qishni tugatib, ikkinchi ligada “O‘rikzor”, “Toshkent”, keyin esa birinchi ligada “Oq-tepa”, “Istiqlol” klublarida faoliyat olib borgan.
Izoh (0)