Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 10-sentabridan 1-oktabriga qadar Kolumbiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorgarlikning dastlabki bosqichini davom ettirmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
Xose Mariya Mendez shogirdlari xalqaro o‘rtoqlik turnirida ishtirok etish uchun bugun, 20-aprel kuni soat 10:00 da Toshkent–Bangkok–Nagoya yo‘nalishida Yaponiyaga uchib ketdi.
Terma jamoaning safari oldidan kecha, 19-aprel kuni so‘nggi mashg‘ulot o‘tkazildi. “Bunyodkor” jamoasining sport zalida o‘tkazilgan mashg‘ulotda barcha futzalchilar ishtirok etdi.
Mundial yo‘lidagi dastlabki yig‘inga chaqirilgan 20 nafar futzalchidan 14 nafari Yaponiyaga olib ketildi.
Yaponiyadagi xalqaro o‘rtoqlik turniri 22–24-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda mezbonlardan tashqari, O‘zbekiston hamda Vyetnam terma jamoalari ham ishtirok etadi.
Izoh (0)