Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zi avvalroq Instagram’da e’lon qilgan Mixail Kasyanovning nishondagi fotosurati hazil bo‘lganini tan oldi. Bu haqda Checheniston yetakchisi “Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir”dan so‘ng ma’lum qildi, unda shu fotosurat haqida ham gap borgan edi, deb yozadi “RBK”.
“Mixail Kasyanovning fotosuratiga keladigan bo‘lsa, u obrazli xususiyatga ega bo‘lgan va kimgadir qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidni o‘z ichiga olmagan hazil edi”, — deb yozdi Qodirov o‘z Instagram’ida. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidentining tanbehi uning uchun “zudlik bilan ijro etiladigan qonundir”.
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri efir” chog‘ida jurnalist Sergey Dorenko prezident e’tiborini “muxolifat — ‘xalq dushmanlari’ deb ta’riflangani, shuningdek, sobiq bosh vazir optik vintovka nishoni ostida ko‘rsatilgani”ga qaratdi.
Putin o‘z navbatida ushbu masala bo‘yicha Qodirov bilan shaxsan suhbatlashganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, prezident “hayotiy vaziyatlardan kelib chiqish” zaruriyatini tilga oldi.
Eslatib o‘tamiz, 31-yanvar kuni Ramzan Qodirov Xalq ozodligi partiyasi yetakchisi Mixail Kasyanov “nishonga olingan” videoni Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan edi. 1-fevral kuni ushbu video Instagram qoidalarini buzgan deb topilib, Qodirovning sahifasidan o‘chirilgan edi.
Izoh (0)