Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA)ning Tartibga solish mustaqil qo‘mitasi “Chelsi” jamoasi hujumchisi Diyego Kostani “Everton”ga qarshi (0:2) Angliya Kubogi chorak finalida intizomsiz xatti-harakatlari uchun bitta o‘yinga chetlatib, jarimaga tortdi, deb xabar beradi tashkilot rasmiy sayti.
31-mart, payshanba kuni Kosta hakamning qizil kartochka ko‘rsatib, uni maydondan chetlatish qaroriga nisbatan namoyish qilgan intizomsiz xatti-harakati uchun aybdor deb topildi. Shuningdek, futbolchi 25 ming funt sterling miqdorida jarima to‘laydi.
Kostaning chetlatilishi uning amaldagi uch o‘yinlik diskvalifikatsiyasi yakuniga yetganida kuchga kiradi. Shu tariqa, “Chelsi” hujumchisi “Aston Villa” va “Suonsi”ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi.
Diyego Kosta, agar u shunga o‘xshash holatlarni takrorlasa, bo‘lib o‘tgan voqealar inobatga olinishi haqida rasmiy ogohlantirish oldi.
Qayd etish kerakki, Diyego Kosta “Everton” bilan o‘yinda Garet Barrini tishlab olgani uchun jazolanmagan.
Izoh (0)