Sakkiz yil avval Bear Sterns investitsiya bankining sinishini keltirib chiqargan moliyachining ism-sharifi oshkor bo‘ldi, jahon moliyaviy inqirozi shu voqeadan boshlangan edi, deb yozadi “RBK”.
U Hayman Capital Management jamg‘armasi asoschisi Kayl Bess bo‘lib chiqdi, uning ism-sharifi Moliyaviy inqirozni tekshirish bo‘yicha komissiyaning ilk marotaba oshkor qilingan hujjatlarida bo‘lgan, ular bilan Amerikaning The Wall Street Journal nashri tanishib chiqdi.
Bess CNBC boshlovchisi Devid Faberning manbasi bo‘lgan, u (boshlovchi) 2008-yil 12-mart kuni telekanal efirida Bear Sterns rahbari Alan Shvarsdan AQShning eng yirik investbanki Goldman Sachs uning muassasasi bilan xavflar yuqori bo‘lgani tufayli ish olib borishni to‘xtatgani rost yoki yolg‘on ekanligi haqida so‘radi.
Shvars ushbu mish-mishlarni rad etdi, biroq investorlar kredit tashkilotiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotdi, chunki uning murakkab moliyaviy vaziyati haqidagi gap-so‘zlar avvaldanoq mavjud bo‘lgan edi. 12-mart kuni kechki paytga kelib, bank deyarli to‘liq likvidliligini yo‘qotdi.
Ikki kundan so‘ng AQSh Federal zaxira tizimi vositachiligida Bear Sterns’ning JP Morgan banki tomonidan o‘zlashtirilishi haqidagi bitimga erishildi. Bear Sterns aksiyalarining nazorat paketi bank sinishidan bir hafta avval birjalarda qayd etilgan o‘z bozor qiymatidan bir necha o‘n barobar past narxda sotib olindi.
Yaqin vaqtlargacha CNBC jurnalistlari bankning bankrot bo‘lishiga olib kelgan axborot manbasini sir tutib kelgan edi. Oxir-oqibat, ma’lumot tasdiqlandi: Faberning dasturi efirga chiqishidan bir kun avval Goldman Sachs haqiqatan ham Bear Sterns bilan savdo qilishdan bosh tortgan.
Bear Sterns AQShda 2008-yilgi moliyaviy inqiroz chog‘ida bankrotlik yoqasida qolgan birinchi yirik moliyaviy tashkilotga aylandi. Oqibatda ushbu vaziyat yana bir nechta banklar, jumladan, Lehman Brothers bilan ham takrorlandi, uning sinishi Amerika moliya tizimi tarixidagi eng yirigi bo‘ldi.
Izoh (0)