23-mart, chorshanba kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnidan Cygnus yuk kemasi bo‘lgan Atlas V raketasi Xalqaro koinot stansiyasiga (XKS) yo‘l oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Parvozdan besh daqiqa o‘tgach, Cygnus tashuvchi raketaning birinchi, 22 daqiqa o‘tib, ikkinchi ustunidan ajraldi. Kemaning 26-mart, shanba kuni XKSga yetib borishi va tutashuvi mo‘ljallangan. XKS ekipaji uchun oziq-ovqat va birinchi ehtiyoj buyumlaridan tashqari, yuk kemasi orbitaga meteorlar va kichik yo‘ldoshlar kimyoviy tarkibini o‘rganish qurilmasi, ochiq koinotga chiqish uchun skafandrlar hamda stansiya havo ta’minoti tizimi uchun zarur bo‘lgan havo silindrlarini yetkazishi ko‘zda tutilgan.
Cygnus egasi bo‘lgan Orbital ATK kompaniyasi NASA bilan shartnomaga binoan XKSga parvozlarni amalga oshiradi. Mazkur parvoz 2014-yil oktabrida kompaniyaga tegishli bo‘lgan va Cygnus yuk kemasini orbitaga chiqarishi lozim bo‘lgan Antares raketasi portlaganidan beri ikkinchisi bo‘ldi.
Izoh (0)