16-mart, chorshanba kuni OChL 3-turi doirasida “Bunyodkor” jamoasi Toshkentda Eronning “Zob Ahan” klubiga qarshi bahs olib bordi va 0:0 hisobida durang qayd etdi. O‘yindan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida “qaldirg‘ochlar” ustozi Sergey Lushchan bo‘lib o‘tgan uchrashuv borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Bunyodkor” matbuot xizmati.
“O‘yin men kutgandek kechdi, ya’ni, raqib himoyadan o‘ynadi. Shogirdlarimga e’tirozim yo‘q. Raqib himoyachilari Bahodir Nasimovni yaxshi qo‘riqladi. U jamoamizdagi eng yaxshilardan biri. ‘Bunyodkor’dan faqat g‘alaba talab qilishadi. Erondagi javob o‘yinida yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz.
Dostonbek Hamdamovning jarohati borligi tufayli, uni zaxiradan maydonga tushirdik. Viktor Karpenkodan ko‘proq standart vaziyatlarda foydalanmoqchi bo‘lib, uni asosiy tarkibga kiritgan edik. Akrom Komilovda olis masofadan darvozaga zarba berish qobiliyati bor. Uchrashuvni tahlil qilamiz va kamchiliklar ustida ishlaymiz. Javob uchrashuvi oldidan O‘zbekiston kubogi doirasida o‘yinimiz bor. Shifokorlarning gapiga quloq tutaman. Agar futbolchi bahsga to‘liq tayyor bo‘lmasa, uni maydonga tushira olmayman”, – deydi Sergey Ivanovich.
Ma’lumot uchun, “B” guruhi 3-turidan so‘ng “Zob Ahan” 5 ochko bilan ikkinchi, “Bunyodkor” esa 2 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.
Izoh (0)