Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 3-turida Qarshining “Nasaf” jamoasi Qatarning “Al-Jaish” klubiga mag‘lub bo‘ldi. 16-mart, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan o‘yin taqdirini “Al-Jaish”ning o‘zbekistonlik futbolchisi — Sardor Rashidov tomonidan 87-daqiqada urilgan gol hal qildi.
Bungacha bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostidagi “Nasaf” Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubiga safarda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, so‘ng ushbu jamoani Qarshida xuddi shu hisob bilan mag‘lub etgandi.
Shu tariqa, 3-turdan so‘ng OChLning “D” guruhida qiziqarli holat yuzaga keldi — Sardor Rashidov jamoasi uch o‘yinda 100 foizlik natija qayd etib, 9 ochko to‘plagan, guruhdagi qolgan uch klub barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bir xil natija qayd etgan. OFK rasmiy sayti bu borada “Nasaf”ni 3-o‘ringa joylashtirgan.
Qayd etish joiz, “Al-Jaish” guruh bosqichi 3-turidan so‘ng OChLda yuz foizlik natija qayd etayotgan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi. “F” guruhidagi Janubiy Koreyaning “Seul” klubi hisobida ham uch o‘yindan so‘ng 9 ochko bor.
Ma’lumot uchun, Qarshi klubi navbatdagi tur uchrashuvini 5-aprel kuni “Al-Jaish”ga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadi.
Osiyo Chempionlar Ligasi “D” guruhi, 3-tur uchrashuvi 16-mart, chorshanba
“Al-Jaish” (Qatar) — “Nasaf” (O‘zbekiston) 1:0 (0:0)
Gol: Sardor Rashidov, 87 (1:0).Ogohlantirish: Maqsud Karimov, 30 (N).“Al-Jaish”: 16. Xalifa Ababakar, 2. Murod Naji Husayn, 4. Lukas Mendes, 6. Yosir Isa, 9. Abdulrazzoq Hamdallah, 10. Sardor Rashidov, 17. Otman al-Yahriy (12. Majid Muhammad, 58), 19. Abdurahmon Muhammad, 23. Xolid Al Zrigiy, 27. Ahmad Muin Duzandeh, 31. Romarino Rikardo (20. Vagner Ribeyro, 90+2).
“Nasaf”: 25. Eldor Suyunov, 4. Maqsud Karimov (27. Islom Rashidxonov, 90+1), 7. Shuhrat Muhammadiyev, 9. Ilhom Shomurodov, 10. Dilshod Rahmatullayev, 17. Artur Gevorkyan, 18. Bahrom Abdurahimov, 20. Erkin Boydullayev, 23. Sherzod A’zamov, 31. Saydullo Rahmatov, 45. Bobir Abdixoliqov (38. Doniyor Narzullayev, 75).
Izoh (0)