Ertaga, 15-mart kuni “Paxtakor” jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turi doirasida Toshkentda Eronning “Traktorsozi” klubiga qarshi bahs olib boradi. Mazkur bellashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Paxtakor” bosh murabbiyi No‘mon Hasanov va yarim himoyachi Oybek Qilichev ishtirok etdi, deb xabar beradi “Paxtakor” klubi matbuot xizmati.
No‘mon Hasanov: “Ertaga muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. Biz uchun guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu o‘yinda biz g‘alaba uchun kurashamiz. Futbolchilar bahsga to‘liq tayyor. ‘Traktorsozi’ni yaxshi o‘rgandik. Raqibning o‘yinlarini ko‘rib chiqdik. Eron futbolida asosan kurashga e’tibor qaratilgan. Ular uzun paslar orqali o‘ynaydi. Hozir Davron Hoshimovning o‘rniga kim tushishini ayta olmayman. Ishonch bilan aytamanki, o‘ng qanotda o‘ynaydigan futbolchini aniqlab oldik”.
Oybek Qilichev: “Eron chempionatida o‘ynaganman, klublarini juda yaxshi bilaman. Bu jamoaga qarshi o‘ynasa bo‘ladi. Oliy Ligani boshlab oldik va o‘yin amaliyotini oshirib boryapmiz. Eronda birinchi o‘rindagi jamoa oxirgi o‘rindagi jamoaga yutqazib qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, futbolchilarning kayfiyatiga ham ko‘p narsa bog‘liq”.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” – “Traktorsozi” o‘rtasidagi uchrashuv 15-mart, seshanba kuni, Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin 17:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turidan so‘ng “Traktorsozi” 6 ochko bilan “C” guruhida peshqadamlik qilmoqda. “Paxtakor” jamoasi 1 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)