Fransiyaning Versal shahri apellyatsion sudi Falastinning sobiq yetakchisi Yosir Arofatning o‘limi bilan bog‘liq ish yuzasidan yakuniy qarorini 17-iyun kuni e’lon qiladi. Bu haqda uning bevasi Suxa Arofatning advokatlari Fransis Szpiner va Reno Semerjyan ma’lumot berdi, deb yozadi “TASS”.
11-mart kuni ular Versal sudiga apellyatsiya berib, Nanter shahri sudining qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan edi. 2004-yili boshlangan surishtiruv natijasiga ko‘ra, Nanter sudi Arofatning poloniy-210 moddasi bilan zaharlanganini tasdiqlaydigan dalillar yetishmaydi, degan xulosaga kelib, ishni ko‘rib chiqishni to‘xtatgan edi. Bu bilan Arofatning o‘ldirilgani inkor qilingan edi. Ammo advokatlar bunday xulosaga olib kelgan ekspertiza natijalarining haqiqiyligini tan olishdan bosh tortdi.
Yosir Arofat 2004-yilning 11-noyabr kuni Parij yaqinidagi Klamar shahrining “Persi” harbiy gospitalida olamdan o‘tdi. Uning nima sababdan kutilmaganda jon taslim qilgani bugungi kunga qadar aniqlashtirilmadi.
Izoh (0)