Zaruriyat tug‘iladigan bo‘lsa, AQSh Liviyada IShID guruhiga qarata yangi zarbalar berishga tayyor. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Jurnalistlar undan The New York Times gazetasining Pentagon ushbu mamlakatdagi IShID jangarilariga qarshi harbiy operatsiyaning batafsil rejasini ishlab chiqib, AQSh prezidenti Barak Obamaga taqdim etgani haqidagi xabarlarini izohlashni so‘radi.
“Fakt shundan iboratki, so‘nggi bir necha oy ichidagina biz AQSh harbiy xizmatchilari tomonidan Liviyadagi IShID yetakchilariga qarshi berilgan ikkita yirik zarba guvohiga aylandik”, — dedi Ernest. U prezident ushbu operatsiyalarga ruxsat berayotib, “ikkilanmagani”ni ta’kidladi.
“Agar u yerda milliy xavfsizligimiz uchun ahamiyatga ega nishonlar yana paydo bo‘lsa va prezident buni avvalgi ikkita holat kabi muhim deb topsa, u hech ham ikkilanmasdan ularni yo‘q qilish haqida buyruq beradi”, — deya ishontirdi Oq uy vakili.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)