O‘zbekistonning ikkinchi raketkasi Farrux Do‘stov Fransiyaning Kemper shahri mezbonlik qilayotgan tennis turniridagi ishtirokini mag‘lubiyat bilan boshladi, deya xabar beradi “Olamsport”.
O‘zbekistonlik tennischi kecha, 1-mart oqshomida juftliklar musobaqasida kortga chiqdi. Italiyalik Andrea Arnaboldi bilan juftlik hosil qilgan Do‘stov birinchi bosqichda mezbon tennischilar Devid Guez hamda Maksim Teysheraga 5:7, 0:6 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Endilikda Farrux Do‘stov bor e’tiborini yakkalik bahslariga qaratadi. 29 yoshli o‘zbekistonlik tennischi ilk uchrashuvini turnirning yettinchi raketkasi, fransiyalik Kenni De Shepperga qarshi o‘tkazadi. Ushbu uchrashuv g‘olibi ikkinchi davrada italiyalik Andrea Arnaboldidan ustun kelgan gollanliyalik Igor Siyslingga qarshi kortga chiqadi.
Ma’lumot o‘rnida, “Chellenjer” turkumiga kiruvchi ushbu musobaqaning mukofot jamg‘armasi 42500 yevroni tashkil qiladi.
Izoh (0)