AQShning Missuri shtati sudi Johnson & Johnson kompaniyasi uning mahsulotidan foydalangani uchun saraton xastaligiga chalingani gumon qilinayotgan marhum ayolning oilasiga 72 million dollar miqdorida tovon puli to‘lab berishi haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Sud maslahatchilari kompaniya talk asosidagi mahsulotlar sog‘liqqa xavf tug‘dirishi mumkinligini jamoatchilikdan yashirgan, deb topdi.
2015-yilning oktabrida Jaklin Foks ismli ayol 62 yoshida olamdan o‘tdi. U talk asosidagi mahsulotlar saraton keltirib chiqarishi mumkinligi haqida bilib qolib, Johnson & Johnson kompaniyasining shu turdagi mahsulotini ishlatgani tufayli sudga murojaat qilgan. Foks xonim kompaniyaning talkli mahsulotlaridan 35 yoshidan buyon foydalanib kelgan.
Kompaniyaga qarshi bunday da’volar bir necha bora ko‘rib chiqilgan, lekin sud birinchi marta tovon puli to‘lanishi haqida qaror qabul qildi.
O‘z navbatida, kompaniya rasmiylari sud qarori qayta ko‘rib chiqilishiga erishilishini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)