Toshkent shahridagi avtobuslarni Wi-Fi tarmog‘i bo‘yicha simsiz internet bilan ta’minlash loyihasi doirasida 14-yo‘nalishdagi to‘rtta avtobus sinov rejimida internet-uskunalar bilan jihozlandi, deb yozadi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi matbuot xizmati.
Sinovning dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli kechdi. Undan ko‘zlangan maqsad internet tarmog‘iga ulanish parametrlarini tekshirishdan iborat bo‘ldi.
Joriy yilning fevral—mart oyida yakuniy sinovlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli kechib, uskunalar sozlanganidan so‘ng loyiha to‘liq ko‘lamda ishga tushiriladi va poytaxt jamoatchilik transporti yo‘lovchilari Wi-Fi bo‘yicha bepul internetdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi 14-yo‘nalishdagi to‘rtta avtobusda 3-fevraldan bepul Wi-Fi tarmog‘i ishlay boshladi. Yaqin vaqt ichida 28- va 51-avtobus yo‘nalishlarida ham yo‘lovchilarga shunday xizmat taklif etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)