Futzal bo‘yicha Osiyo Chempionati ikkinchi turidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Qirg‘iziston terma jamolari o‘rtasidagi o‘yindan keyin matbuot anjumani tashkil qilinib, anjumanda O‘zbekiston terma jamoasining murabbiyi Xose Mariya Mendez ishtirok etdi. Bu haqda “Uff.uz” xabar qilmoqda.
“O‘yin juda og‘ir kechdi. Aslida Qirg‘izistonga qarshi kechadigan o‘yinlar har doim og‘ir o‘tadi. Chunki jamoalar bir birini yaxshi biladi. O‘yinga keladigan bo‘lsak, biz uni to‘liq nazorat qilib bordik. Hujum bilan birga himoyada ham yaxshi o‘ynadik. Qirg‘iziston esa o‘yin boshida bergan zarbasi darvoza ustuniga tekkanligi inobatga olinmasa, hech narsa qila olgani yo‘q. Bugun bizning hujum chizig‘imiz ham yaxshi o‘ynadi, deb ayta olmayman. Biz ko‘proq gol urishni o‘rganishimiz kerak. Bu borada qiladigan ishlarimiz ko‘p”, ― dedi Mendez.
Shuningdek, Iroqning “B” guruhida ikkinchi o‘rinni olish ehtimoli katta ekanligiga javoban murabbiy ― “Iroq haqida umuman o‘ylaganim yo‘q. Fikr bildiradigan bo‘lsam, bu musobaqada kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Futzal o‘sgan, ilgari besh, olti gol bilan g‘alaba qozonish mumkin edi. Endi esa faqat Eron bu ishni uddalamoqda. Shunday ekan, har qanday o‘yin katta ahamiyat kasb etishi mumkin. To‘g‘ri, men hozir qahramonlik ko‘rsatib, Eronga qarshi ham o‘ynashimiz mumkinligini aytishim mumkin edi. Ammo biz Eron qay darajada kuchga ega ekanini his qilib turibmiz va tan olib aytaman, guruhdan chiqqach imkon qadar Eronga duch kelmaslikka intilmoqdamiz. Biroq shu bilan birga Iroqni ham, “V” guruhidagi boshqa jamoalarni ham hurmat qilishimizni bildirmoqchiman”, ― deya ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi muddatidan oldin chorak finalga yo‘llanma olganligi xabar qilingan edi.
Izoh (0)