Nayrobidagi (Keniya) kazinolardan birining tashrif buyuruvchisi unda mag‘lub bo‘lganidan achchiqlanib, o‘yin zalidagi ikki xodimni o‘ldirdi. Qotilni esa omma jazoladi, deb xabar beradi Le Figaro.
Nayrobi politsiyasi vakilining so‘zlariga qaraganda, 9-fevralga o‘tar kechasi shahar kazinolaridan biriga tashrif buyurgan odam 30 ming Keniya shillingini (300 dollarga yaqin) yutqazib qo‘ygan. Keniyalik pullarini qaytarib olish maqsadida muassasadan nasiyaga pul talab qilgan. Rad javobini olgandan so‘ng esa o‘yin zalini tark etgan.
Biroz vaqtdan so‘ng, erkak qilich bilan qurollanib kazinoga qaytib kelgan. U nasiyaga pul berishni rad qilgan direktorga tashlanib, uni qilich bilan chopib tashlagan. Qo‘riqchi uning ikkinchi qurboniga aylangan. Shundan keyin qotil qochib ketib yashirinishga uringan.
O‘yin zalida bo‘lgan boshqa o‘yinchilar uning orqasidan quvib, jinoyatchini toshbo‘ron qilgan.
“Voqea joyiga yetib kelgan politsiya jinoyatchining o‘lganligini aniqladi”, — deb qo‘shimcha qildi politsiya vakili.