AQSh prezidenti Barak Obama ma’muriyati 2017-yilda Yevropadagi harbiy ishtirokni kuchaytirish uchun 3,4 milliard dollar so‘radi, deb yozadi Meduza. Bu summa 2016-yilda ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lardan uch marta ko‘proqdir.
Mablag‘ni Markaziy va Sharqiy Yevropaga joylashtiriladigan og‘ir qurol-aslaha va bronetexnikaga sarflash rejalashtirilmoqda. Qurol-yarog‘dan amerikalik harbiylar ham, ularning NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari ham foydalanadi.
The New York Times gazetasining AQSh prezidenti ma’muriyatidagi manbalari ma’lum qilishicha, Yevropaga qo‘shimcha og‘ir qurollarning joylashtirilishi “Rossiya prezidenti Vladimir Putinga signal yuborishi” va G‘arb uning mintaqadagi harakatlarini diqqat bilan kuzatayotganini ko‘rsatishi kerak.
Avvalroq Obama ma’muriyati 2017-yil uchun mudofaa byudjeti loyihasida IShIDga qarshi kurash kampaniyasini moliyalashtirishni ancha kengaytirishga erishmoqchiligi xabar berilgan edi.