Shotlandiyalik 36 yoshli sayyoh uchun Tailandning Samui oroli changalzorlari bo‘ylab fil ustida sayr fojia bilan yakunlandi: jazavaga tushgan jonivor chet ellikni toptab tashladi, maxutani (fil sarboni) esa jiddiy yaraladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
16 yoshli qizi bilan birga fil ustida sayr qilayotgan shotlandiyalik fotoga tushmoqchi bo‘ladi va maxuta fildan tushib, fotoapparatni qo‘liga oladi. Biroq jonivor to‘satdan maxutaning ko‘kragiga dandon tishi bilan zarba berib, ota-bolani itqitib tashladi. Shundan so‘ng fil shotlandiyalikni toptay boshlaydi. Olingan jarohatlardan erkak voqea joyida nobud bo‘ldi, uning qizi shikastlanmagan.
Surattxani viloyati politsiyasi mazkur hodisani tekshirmoqda. Guvohlarning aytishicha, fojiadan oldinroq maxuta unga bo‘ysinishdan bosh tortgan filga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan.