Indoneziya prezidenti Joko Vidodo Instagram’da uning nomi bilan ochilgan qalbaki sahifalarga barham berish maqsadida o‘zining shaxsiy sahifasini ochdi. Bu haqda “TASS” xabar qilmoqda.
“Odamlar mening Instagram’dagi qalbaki yozuvlarimdan shikoyat qilib kelgan edi. Men o‘zimning rasmiy sahifamni ochishga qaror qildim. Qolgan sahifalar meniki emas”, ― dedi prezident Facebook’da.
Uning, ko‘pchilik indoneziyaliklar ataganidek, “Jokovi” nomli sahifasiga Instagram’da rasman qayd etilgan kunning o‘zidayoq 203 ming kishi obuna bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Indoneziya prezidenti ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanib kelib, muhim davlat qarorlari yuzasidan yoki o‘zining kundalik fikrlari bilan bo‘lishadi. Uning Facebook’dagi sahifasiga 6 milliondan ziyod odam obuna bo‘lgan. Vidodo tarmoqda olgan “yoqadi” belgi soni bo‘yicha dunyo rahbarlari orasida AQSh prezidenti Barak Obama, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘ondan keyingi o‘rinni egallagan.
Siyosatchi oddiy kiyim va krossovka kiyib yurishni yoqtiradi. Musiqa yo‘nalishida esa, “xevi-metall” uslubini yoqtirib tinglaydi. U turli xarobalarda ko‘p vaqt o‘tkazib, oddiy indoneziyaliklarning muammolaridan xabardor ekanligidan faxrlanadi.
Izoh (0)