Dunyo bo‘yicha xitoylik sayyohlarning soni iqtisodiyotning rivojlanish sur’atlari sekinlashganligiga qaramasdan, yaqin besh yil ichida o‘sib boradi. Bu haqda CBN nashri ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Oxirgi o‘n yil ichida xitoyliklarning turistik sayohatlari soni deyarli to‘rt martaga oshdi: 2005-yildagi 35 milliondan 2015-yilga kelib 125 millionga yetdi. Bu o‘sishga dollar kursining yuanga nisbatan oshishi va XXR iqtisodiyotidagi rivojlanish sur’atlarining pasayganligi ham xalaqit bera olmadi.
2020-yilga kelib 200 million xitoylik sayohatga chiqishi taxmin qilinmoqda. 2036-yilda esa XXR aviasayohatlarning eng yirik bozoriga aylanadi, bu vaqtga kelib xitoylik sayyohlar soni 1,4 milliardga yetadi.
Xitoyda ichki turizm besh yil ichida to‘qqiz foizga oshsa, tashqi turizm bo‘yicha bu ko‘rsatkich 15 foizni tashkil etadi. XXR fuqarolari uchun yaqin uch yil ichida eng ommabop yo‘nalishlar Yaponiya, Koreya va Tailand bo‘lishi kutilmoqda. AQSh, Avstraliya va Yevropa yo‘nalishlarining qimmatligi uchun ushbu davlatlarga sayohatlar soni kamayishi mumkin.
Izoh (0)