Aktyor Alan Rikman vafot etdi. U 69 yoshda edi, deya xabar bermoqda Meduza.
The Guardian’ning xabariga ko‘ra, aktyorning oila a’zolari uning o‘limini tasdiqlagan. Rikman saraton xastaligidan aziyat chekayotgan edi.
Alan Rikman aktyorlik faoliyatini teatrda boshlagan bo‘lib, 1978-yildan filmlarda suratga tusha boshlagan, ovozlashtirish ishlarida qatnashgan. Unga asosan salbiy qahramonlarni jonlantirish ishonib topshirilgan.
Rikmanning “Chaqilmas yong‘oq” filmidagi terrorchi Xans Gruber, “Robin Gud: qaroqchilar shahzodasi” filmidagi Nottingem sherifi rollari ancha mashhur.
Yosh avlod vakillari Alan Rikmanni asosan Garri Potter haqidagi kinosaga orqali taniydi — mazkur filmlar ketma-ketligida u professor Severus Snegg rolini gavdalantirgan.
Rikmanning aksariyat muxlislari aktyorning muvaffaqiyatlari asosiy omili sifatida uning nutqini ko‘rsatadi. U noodatiy tembrdan tashqari, o‘ziga xos nutq uslubiga ega edi va ingliz tilida a’lo darajada gapirardi.
Izoh (0)