Toshkentdagi avtobuslar harakatini smartfonda kuzatish imkonini beruvchi loyiha 2016-yil 14-yanvardan to‘xtatiladi. Bu haqda “VIA.uz” mobil dasturida axborot berilgan.
“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi rahbariyati qaroriga muvofiq va “Toshtransdispetcherxizmat” korxonasi bilan VIA-TASHKENT’ning shartnomasi tugagani sababli, 14-yanvardan “VIA.uz” tizimida avtobus marshrutlari bo‘yicha ma’lumotlar berilishi to‘xtatiladi.
“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi nima sababdan bunday qaror qabul qilgani, VIA-TASHKENT kompaniyasi nima uchun “Toshtransdispetcherxizmat” korxonasi bilan shartnomasini uzaytirmaganiga aniqlik kiritilmagan.
2014-yil oxirida ishga tushirilib, keyin to‘xtab qolgan va 2015-yil noyabrida qayta ishga tushirilgan loyiha yordamida kerakli avtobusning tegishli bekatga kelish vaqtini bilish, avtobuslar harakati jadvali bilan tanishish va hatto transport vositasining xaritadagi harakatini kuzatish mumkin edi.
“VIA.uz” mobil dasturining Android operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun mo‘ljallangan versiyasi, 12-yanvar holatiga ko‘ra, 10—50 ming martalik miqdor oralig‘ida yuklab olingan. Ma’lumot uchun, 2015-yilning oktabr oyi holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi avtobuslar xizmatidan 616 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanadi.
Loyiha “Toshtransdispetcherxizmat” korxonasi va Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti ishtirokida ishlab chiqilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Izoh (0)