Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Kazpost’ning “Qorboboga maktub yo‘lla” loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Loyiha doirasida istalgan kishi bolalarning maktubini tanlab, uning orzusini ro‘yobga chiqarishi mumkin. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Dauren Abayevning ma’lumotiga tayanib, “Nur.kz” xabar beradi.
Nursulton Nazarboyevni G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida yashovchi Xarlashina Viktoriyaning ijod qilish uchun Doh Vinci to‘plamini so‘rab yozgan maktubi xursand qildi. Prezidentning o‘zi ham rasm chizishni yaxshi ko‘radi, shuning uchun qizchaning orzusini amalga oshirib, to‘plamga qo‘shib yosh rassomlar uchun ensiklopediya ham hadya qildi.
Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi internat uyi tarbiyalanuvchilariga Nursulton Nazarboyev musiqiy markaz va qozog‘istonlik yozuvchilar kitoblari to‘plamini sovg‘a qildi.
“O‘ylashimcha, ushbu aksiya qozog‘istonliklarning har qanday sharoitda ham yordamga muhtojlarga yordam berishga tayyorligini ko‘rsatdi. Butun mamlakat bo‘yicha yuzlab fuqarolar kam ta’minlangan oilalar, nogiron va yetim bolalarning iltimoslariga javob qaytardi. Davlat rahbari o‘zining bu harakati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ldi”, — deydi Abayev.
Izoh (0)