Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun, 29-dekabrdan navbatdagi yig‘inga kirishdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ayni paytda bosh murabbiy Xose Mariya Mendez o‘z vatanida bo‘lgani tufayli mashg‘ulotni uning yordamchilari Bahodir Ahmedov hamda Nikolay Odushevlar olib bormoqda. Yig‘inga chaqirilgan futzalchilardan mashg‘ulotda kichik jarohati borligi sabab Rustam Umarov va Konstantin Sviridovlar hozircha ishtirok etmayapti.
Yig‘inda jami 18 futbolchi qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2016-yilning 10—21-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayonini olib bormoqda. Qit’a birinchiligi final bosqichi uchun tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi “A” guruhidan o‘rin olgan. Guruhda Xose Mariya Mendez jamoasiga Saudiya Arabistoni, Qirg‘iziston hamda Livan jamoalari raqib bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ushbu musobaqada eng yuqori 5 o‘rinni egallagan jamoalar 2016-yilning 10-sentabridan 1-oktabrigacha Kolumbiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)