Futbol bo‘yicha Rossiyadagi 2018-yilgi va Qatardagi 2022-yilgi jahon chempionatlari ushbu mavzudagi turli muhokamalarga qaramasdan, mavjud rejalarga muvofiq bo‘lib o‘tadi. Bunga Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Yozef Blatter Fransiyaning Liberation gazetasiga bergan intervyusida ishonch bildirdi, deb yozadi “TASS”.
O‘zining Moskvaga tashrifi va prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvi haqidagi savolga javob berar ekan, FIFA rahbari geosiyosiy ziddiyat va “AQSh futbolni egallab olishi” ehtimoli mavzusida gapirishdan bosh tortdi.
“Men Shveysariya va Amerika adliyasi da’volashayotgan to‘pga aylanib bo‘ldim. Rossiya va AQSh o‘rtasidagi geosiyosiy bo‘g‘in men bo‘lishim kerakmi? Mening fikrimcha, oxir-oqibat futbol g‘olib chiqadi. 2018 va 2022-yilgi jahon chempionatlari rejalashtirilganidek o‘tkaziladi”, — dedi Blatter.
Eslatib o‘tamiz, Blatter korrupsiyaga bog‘liq sabablarga ko‘ra, 90 kunga futboldan chetlashtirilgan edi.
Izoh (0)