Xalqaro olimlar guruhi tadqiqotlar jarayonida Orol dengizi yoshini aniqladi. Bu haqda “Telegraf.uz” xabar beradi.
Loyiha doirasida, tadqiqotchilar suv havzasi cho‘kindilarini yuza qismidan eng quyi qismigacha burg‘u yordamida kovlab, cho‘kindi jinslardan namuna oldi. Olingan namunalarni o‘rganish orqali olimlar Orol dengizining 20—24 ming yil avval paydo bo‘lganligini aniqladi. Shuningdek, undagi o‘zgarishlar haqida aniq ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Orol dengizi o‘z tarixida kamida to‘rt marta yo‘qolib, yana qayta tiklanganligi ma’lum bo‘ldi. U bilan bugungi kunda yuz berayotgan holat birinchi marta sodir bo‘lmayotganligi haqida xulosa qilish mumkin.
Orol dengizida 13 yildan beri tadqiqotlar olib borayotgan geologiya va mineralogiya fanlari doktori Sergey Krivonogovning so‘zlariga qaraganda, dengizni tiklash imkoniyati mavjud. Buning uchun suv havzasiga qo‘shimcha suv berish lozim. Har yili, hech bo‘lmaganda, 20 kilometr kub suv bilan to‘ldirilganda ham, u kengaya boshlaydi. Bundan tashqari, uning tiklanishi iqlim va tektonik ta’sirlar, masalan, yerosti suvlarining kelishiga ham bog‘liqdir.
Izoh (0)