Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning buyrug‘i asosida zilzila sodir bo‘lgan Pomir tog‘lari hududiga respublika mudofaa vazirligining vertolyot aviatsiyasi yuborildi. Bu haqda respublika Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Bartang vodiysida sodir bo‘lgan ushbu zilzila markaziga birinchi navbatda kerak bo‘lgan oziq-ovqatni yetkazish va uy-joyidan mahrum bo‘lganlarni evakuatsiya qilish maqsadida mudofaa vazirligining ikkita vertolyoti yuborilmoqda. Vertolyotlar talofat ko‘rgan hududdagi aholiga oziq-ovqat, palatka va boshqa eng kerakli bo‘lgan tovarlarni yetkazib beradi.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, agar noqulay ob-havo sharoiti vertolyotlarning parvozini kechiktirsa, aholiga avtotransport bilan yordam qilinadi.
2015-yil 7-dekabrda sodir bo‘lgan zilzila tufayli Pomirdagi aholi joylarda 500 dan ortiq uy-joy binolari vayron bo‘lgan, bir-necha o‘nlab kilometr yo‘llar, telefon aloqasi liniyalari buzilib, bir qator madaniy va ijtimoiy obyektlar zarar ko‘rgan.
Qutqaruvchilar xabar qilishicha, yerning silkinishi tog‘ toshlarining ko‘chishiga sabab bo‘lib, uning oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 15 dan ziyod kishi jarohat olgan.
Izoh (0)