Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasining komissiyasi 2015-yil 15-avgust kuni Xabarovskda Mi-8 rusumli vertolyotining halokatga uchraganligi holati bo‘yicha tekshiruv ishlarini tugatdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Komissiyaning ma’lum qilishicha, aviahalokatga ekipaj a’zolarining noto‘g‘ri xatti-harakati olib kelgan.
“Vizual parvoz qilish qoidalari bo‘yicha belgilab qo‘yilgan meteorologik sharoitning og‘irlashib ketishi, vertolyot ekipajining xavfsiz balandlik va tezlikni saqlamasligi oqibatida vertolyot ‘quyunli halqa’ ichiga tushib qolib, suv sathiga urilganligi — Mi-8 ning halokatga uchrashiga sabab bo‘lgan”, ― deya ta’kidlamoqda komissiya.
Eslatib o‘tamiz, Polina Osipenko nomli qishloqdan Onchagan daryosi hududiga uchib ketayotgan Mi-8 bortida 13 nafar yo‘lovchi va uch nafar ekipaj a’zosi bor edi. Vertolyot qo‘nish uchun rejalashtirilgan joydan 3,5 kilometr uzoqlikda Oxotsk dengiziga qulab tushgan. 11 kishi suvdan chiqib, qutulishga muvaffaq bo‘la olgan.
Izoh (0)